O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko'magida Qozog'istonda pasportlari noqonuniy tarzda olib qo'yilgan yurtdoshimizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qaytarildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
Foto: "Dunyo" AA
Bosh konsulxona ma'lumotiga ko'ra, vatandoshimiz R.N. Olmaota shahar ichki ishlar organlari tomonidan olib qo'yilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini olib berish va O'zbekistonga qaytishi uchun amaliy yordam so'rab murojaat qilgan.
Ma'lum bo'lishicha, u Qozog'istonga 2024-yil boshida ishlash maqsadida kelgan va qurilish sohasida vaqtincha ishga joylashgan. Ish beruvchi yurtdoshimizning pasportini olib qo'ygan va keyinchalik ro'yxatdan o'tkazish uchun migratsiya politsiyasiga topshirgan. R.N. 2024-yil sentyabr oyida Olmaota shahri Naurizbay tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mamlakatda bo'lish qoidalarini buzish holati bo'yicha ma'muriy javobgarlikka tortiladi. Shunga qaramay, u Qozog'istonda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug'ullanishda davom etgan.
O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari sa'y-harakatlari bilan R.N.ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qaytarildi.
Hamyurtimiz "Olmaota-Toshkent" yo'nalishidagi avtobus orqali O'zbekistonga kuzatib qo'yildi.