Qashqadaryo viloyatida naqshbandiya tariqatining buyuk ulamolari mangu qoʻnim topgan muqaddas maskanlar, ziyoratgohlar boʻylab “Naqshbandiya” ziyorat va turizm festivali oʻtkazildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Ikki kun davom etgan festivalda Malayziya, Indoneziya, Singapur, Hindiston, Bruney, Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan 160 nafarga yaqin din peshvolari, olim-u ulamolar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Kitob tumanining soʻlim manzillaridan biri — Xoʻjaisparoz qishlogʻida joylashgan Oqsuv ziyoratgohida boʻlishdi. Shundan soʻng tumanning Xoʻjailmkoni qishlogʻida yashab oʻtgan ulugʻ shayx, tasavvuf tariqatining benazir namoyandasi, qutublar qutubi Mavlono Abdulboqi Xojagiy Imkanagiy ibn Mavlono Darvesh Muhammad Vahshuvoriy maqbarasini ziyorat qilishdi. Ishtirokchilarga ushbu ziyoratgohlar hamda bu yerda mangu qoʻnim topgan shayxlar, ulamolar, ularning islom dini rivoji yoʻlida amalga oshirgan ishlari haqida keng maʼlumot berildi.
Festival ishtirokchilari Shahrisabz shahrida joylashgan bir qator ziyoratgohlarda ham boʻlishdi. Amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.