Yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi. Mazkur qonun bilan MjtKga "Yo‘l bezoriligi" deb nomlangan yangi 128-10-modda qo‘shildi.
Unga ko‘ra, yo‘l bezoriligi, ya’ni:
- transport vositalari haydovchilarining boshqa transport vositalarining harakatiga qasddan to‘sqinlik qilishi;
- harakatlanish burchagini va (yoki) tezligini saqlagan holda transport vositasini sababsiz sirpantirishi (drift);
- o‘z yo‘nalishida harakatlanish bo‘lagini sababsiz keskin ravishda uch va undan ortiq marta uzluksiz o‘zgartirishi (bundan maxsus ajratilgan joylarda sodir etish mustasno);
- yoki yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi yoxud transport vositasida yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ifodalangan boshqa xatti-harakatlarni namoyishkorona sodir etishi
- transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yildan 2 yilgacha muddatga mahrum qilib, BHMning yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.