Bugun, 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga yetib keldi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.
Foto: Bekzod Hidoyatov / Telegram
Martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib olgan.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yengil va charm sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi qo‘shma rejalar diqqat markazida bo‘ladi.
Madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Sammit yakunida Qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yetakchilar O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadilar.