Samarqand viloyatida oʻtgan yili 9402 ta jinoyat sodir etilgan, shundan 36,3 foizi yoki 3416 tasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hisoblanadi.
Foto: xs.uz
Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasining 2024-yildagi faoliyati sarhisobi hamda kelgusi rejalariga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida boshqarma boshligʻi, polkovnik Rahmat Mamatov maʼlum qildi.
"Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi. Qayd etilishicha, boshqarmaga kiberjinoyatlar yuzasidan 2021-yilda 980 ta murojaat kelib tushgan, 2024-yilda ushbu mazmundagi murojaatlar soni 4750 tadan oshgan. Ularning asosiy qismi, yaʼni 40 foizi Samarqand shahri, 30 foizi Kattaqoʻrgʻon shahri, Samarqand, Urgut va Pastdargʻom tumanlari hissasiga toʻgʻri keladi.
— Murojaatchilarning 50 foizini 17-35 yoshdagi, 30 foizini 35-45 yoshdagi, 20 foizini esa 45 yoshdan yuqori shaxslar tashkil etgan, — deydi Rahmat Mamatov. — Tahlillar jinoyatlarning 60 foizi virusli va soxta ilovalar, 20 foizi telefon qoʻngʻiroqlari orqali, 5 foizi meros yuborishini aytib, 15 foizi esa soxta birjalarga investitsiya kiritish orqali sodir etilganligini koʻrsatmoqda. Bunda fuqarolarning bank kartalaridan yechib olingan pullar asosan Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, BAA, Turkiya hamda Afrika davlatlari orqali avval AQSH dollariga, keyin esa bitkoinga aylantirib olinayotgani maʼlum boʻlgan. Biz bu jarayonlarni toʻliq oʻrganib, tegishli vazirliklarga uning oldini olish, aholi, xususan, bank mijozlarini kiberjinoyatlardan himoya qilish boʻyicha takliflar berganmiz. Joylarda tizimli ravishda targʻibot-tashviqot ishlari ham olib borilmoqda.
Viloyatdagi umumiy jinoyatlar soni har 100 ming aholiga nisbatan 223,4 tani tashkil etishi maʼlum qilindi. Eʼtiborlisi, soha mutaxassislarining saʼy-harakati bilan mazkur jinoyatlarning 93,8 foizi fosh etilib, qidiruvdagilarning 769 tasi yoki 41,1 foizi ushlangan.
Foto: xs.uz
Tadbirda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Maʼlumotga koʻra, ayni damda viloyatdagi 1126 ta mahallaning 156 tasi “qizil”, 600 tasi “sariq” toifaga kiritilgan. Jinoyat turlaridan mast holdagi jinoyat, ishsizlar hamda muqaddam sudlanganlar jinoyati kamaygan. Biroq oilaviy nizolar bilan bogʻliq jinoyatlar haqida bunday deb boʻlmaydi. Unda aksar jinoyatlarning kelib chiqishi ijtimoiy muammolarga bogʻliqligi, bartaraf etishda “mahalla yettiligi” va jamoatchilik koʻmagi zarurligi aytib oʻtildi.
Matbuot anjumanida boshqarma boshligʻi va sohaviy masʼullar tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.