Sirdaryo va Guliston tumaniga yangi hokimlar tayinlandi

Sirdaryo va Guliston tumaniga yangi hokimlar tayinlandi

28.02.2025 00:00 O'zbekiston 8

Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Guliston tumaniga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

292b31358955c51e4072def6d98083d60228

Foto: xs.uz

Qayd etilishicha, Guliston tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazilgan. Tahliliy-tanqidiy ruhda oʻtgan sessiya ishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etgan.

Turdimov oʻz nutqida tumanda kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, yangi investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, eksport hamda qator sohalar boʻyicha qoloqlikka yoʻl qoʻyilayotganligini taʼkidlab, tumanni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish borasida tuman birinchi rahbarining harakatlari yetarli emasligini bildirdi.

Shuningdek, sessiyada tashkiliy masala ham koʻrilib, shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Mamadaminov Oʻlmasjon Yormaxammatovich egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Deputatlar tomonidan shu kunga qadar tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat olib borgan Joʻrayev Olimjon Oʻrazaliyevich nomzodi tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.

Maʼlumot oʻrnida, Joʻrayev 1982-yilda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tugʻilgan. 2004-yilda Guliston davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi iqtisodchi.

Bundan tashqari, Sirdaryo tumanida oʻtkazilgan Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida deputatlar tomonidan shu kunga qadar Sirdaryo viloyati yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat olib borgan Turdimurodov Azizbek Maxammatqul oʻgʻli nomzodi tuman hokimi lavozimiga tasdiqlangan.

Turdimurodov 1994-yil Sirdaryo viloyati, Boyovut tumanida tugʻilgan. 2019-yil Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, 2022-yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tamomlagan. Mutaxassisligi axborot texnologiyalari va servis, loyihalarni boshqarish.