O‘zbekistonning Maltadagi birinchi elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rim shahrida joylashgan) ushbu mamlakat Prezidenti Miriam Spiteri Debonoga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Foto: "Dunyo" AA
Tantanali tadbirdan so'ng bo'lib o'tgan qisqacha muloqot chog'ida Malta yetakchisi O'zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat natijasida ikki tomonlama munosabatlar faollashganini ta'kidladi. Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan olisda joylashgan bo'lsada, o'zaro manfaatli va ko'p qirrali hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT va YEXHT doirasidagi o'zaro tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga alohida urg'u qaratildi.
Ta'kidlash lozimki, so'nggi bir yil ichida ikki tomonlama munosabatlarda yangi dinamika kuzatildi. Xususan, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari 2024-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi yig'ilishi doirasida ilk bor samarali uchrashuv o'tkazdilar. Joriy yilning yanvar oyida Maltaning O'zbekistondagi birinchi elchisi tayinlandi.