Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida 2,1 mlrd soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilgan noqonuniy mayning ferma aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuraturaga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Qayd etilishicha, masʼullar tomonidan Gʻijduvon tumanida oʻrganish olib borilgan. Unda shu hududda yashovchi fuqaro Sh.S.ga qarashli noturar bino koʻzdan kechirilganda, 22 dona “Antminer L3+” rusumli mayning qurilmalar yordamida noqonuniy mayning ferma tashkil qilingani aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2,1 mlrd soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.
Shuningdek, binoni koʻzdan kechirish vaqtida elektr taʼminotidan uzilgan holatdagi 4 dona “Whatspower P21” va 28 dona nosoz “Antminer L3+” rusumli mayning qurilmalari ham aniqlanib, tegishli tartibda olib qoʻyilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.