Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarning eksport va import operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Urgut tumaniga temir yoʻl tarmogʻi tortish ishlari boshlandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Qayd etilishicha, Jomboydan Urgut tumani yoʻnalishi boʻyicha qurilishi rejalashtirilayotgan temiryoʻl qurilishi mazkur sohadagi yirik loyihalardan biridir. Temir yoʻlga tamal toshi qoʻyish tadbiriga qatnashgan transpori vaziri I. Mahkamov, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A. Boboyev va boshqa masʼullar yangi tarmoq hududda joylashgan aholining uzogʻini yaqin qilish bilan birgalikda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli mahsulotlarni xorij bozoriga eksport qilish imkoniyatini yanada oshirishini bildirib oʻtishdi.
Uzunligi 50 kilometrdan ortiq boʻlgan yangi tarmoq “Toshtemiryoʻlloyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja boʻyicha zamonaviy muhandislik yechimlari hisobga olingan holda yaratilgan. Jomboy tumani hududidan boshlanadigan yangi tarmoq bilan viloyatning nuroniylari tanishtirildi. Xayrli ish boshida otaxonlar duoga qoʻl ochib, yil oxiriga qadar barpo etilishi belgilangan temir yoʻl tarmogʻi uzoq yillar xalqimizga xizmat qilishini tilashdi.
Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan boshlanuvchi mazkur yangi temiryoʻl 4R238 avtomobil yoʻlini kesib, Zarafshon daryosi boʻylab oʻtadi va soʻngra ushbu daryo ustida barpo etiladigan koʻprik orqali Urgut tumaniga borishi rejalashtirilgan.
Bu tarmoqlar orqali rejaga koʻra, yoʻlovchilar ham tashiladi. Bekatlar aholi gavjum hududlarda tashkil etiladi. Masalan, Samarqand viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh boʻlgan Urgut tumanida joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti yaqinida ham bekat quriladi. Bu esa Tojikistonliklar uchun yurtimizning istalgan hududiga temir yoʻl orqali yetib borish imkonini ham beradi.
Maʼlumot oʻrnida shuni aytish joizki, yuk va yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan mazkur yoʻlning umumiy uzunligi 55,6 kilometrni tashkil etadi. Loyihani 2026-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.