Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomga koʻra, mamlakatdagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun bahorgi taʼtil 21-martdan boshlanib, 7 kalendar kun davom etishi belgilangan.
Foto: xs.uz
"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, 2025-yilda 21-mart, juma kuniga toʻgʻri keladi. 20-mart, chorshanba kuni maktablarda III chorakning soʻnggi kuni boʻlishi belgilangan. IV chorak darslari esa 28-mart, juma kunidan boshlanadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi 8-mart Xotin qizlar kuni va Navroʻz bayrami munosabati bilan dam olinadigan kunlarni eʼlon qilgan edi.
Unga koʻra, 8-mart (shanba) — Xotin-qizlar kuni, 9-mart (yakshanba) — dam olish kuni, 10-mart (dushanba) — 5 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun ish kuni boʻladi.
Shuningdek, 21-mart (juma) — Navroʻz bayrami, 22-mart (shanba) — 5 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun ish kuni, 23-mart (yakshanba) — dam olish kuni boʻlishi belgilangan.
Maʼlumot uchun, Mehnat kodeksida dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga koʻchirilishi belgilangan.