O‘zbekistonda “Temu” faoliyati cheklanadi

O‘zbekistonda “Temu” faoliyati cheklanadi

06.03.2025 00:00 O'zbekiston 5

Temu

20-martdan O‘zbekistonda Xitoyning “Temu” marketpleysi faoliyati cheklanadi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

2025-yilning 1-iyulidan mamlakatda elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan.

Mamlakat fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekistonning elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlandi.

O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025-yilning 20-martidan xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, “Temu” platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.

ILMA tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, fuqarolardan 4-mart kunidan boshlab “Temu” platformasida buyurtma bermasliklarini so‘ramoqda. Agar buyurtma bundan oldin buyurtma qilingan bo‘lsa, platformadan to‘lovni qaytarib olish tavsiya etiladi.

Agentlik va Soliq qo‘mitasi fuqarolarni O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki mamlakatda Soliq qo‘mitasining elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar va marketpleyslar ro‘yxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini ko‘rishga, shaxsiy va boshqa ma’lumotlarni bunday subyektlarga bermaslikka chaqiradi.