Fransiyada Abu Rayhon Beruniyga haykal o'rnatildi

Fransiyada Abu Rayhon Beruniyga haykal o'rnatildi

06.03.2025 00:00 O'zbekiston 5

1740986644033_photocollagepng36png

Shu yil 1-mart kuni Fransiyaning Grets-Armenvil shahridagi "Uranoskop" rasadxonasi hududida o'zbek xalqining buyuk ajdodi, astronom va faylasuf Abu Rayhon Beruniy haykalining ochilish marosimi bo'lib o'tdi

Tadbirda Grets-Armenvil shahar ma'muriyati va Uranoskop observatoriyasi rahbariyati, mahalliy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Grets-Armenvil Parijdan 32 kilometr uzoqlikda Il-de-Frans hududida joylashgan bo'lib, shahar mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun jozibador manzil hisoblanadi. Shahar "Château d'Armainvilliers" qal'asi (1877), Sent-Jan-Baptista cherkovi (XV asr), Armenvil milliy bog'i va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan mashhur.

"Uranoskop" fransuz rasadxonasi 1983-yilda tashkil etilgan. Rasadxona Parij rasadxonasi va "Université Paris-Saclay" bilan hamkorlikda Quyosh tizimining kichik jismlarini, shuningdek, meteoritlarni o'rganish dasturi doirasida faoliyat yurituvchi ilmiy markaz hisoblanadi.

Abu Rayhon Beruniy haykalining ochilish marosimida Grets-Armenvil shahri meri Jan-Pol Garsiya Robin, Uranoskop observatoriyasi prezidenti Kristian Bourdi, O'zbekiston elchisi Nodir G'aniyev so'zga chiqdilar.

Ular ushbu yodgorlikning ochilishi muhim sana – O'zbekiston va Fransiya o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 33 yilligiga to'g'ri kelganini ta'kidladilar. Bu voqelik, shuningdek, o'zbek va fransuz xalqlari o'rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar mustahkamlanib borayotganidan dalolat ekanligi qayd etildi.

O'zbekistonda Al-Beruniyga bag'ishlangan turli ilmiy forumlar, konferensiyalar va ko'rgazmalar o'tkazish bo'yicha tashabbuslar ham faol ilgari surilmoqda. Jumladan, 2023-yilning 4-6 sentyabr kunlari YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida olim tavalludining 1050-yilligiga bag'ishlangan yirik ko'rgazma tashkil etildi.