Poytaxtimizdagi zavodlardan birida bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlarini keng jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida yo‘q qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Foto: xs.uz
"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, Bojxona qo‘mitasi va Majburiy ijro byurosi tomonidan tashkil qilingan bu galgi tadbirda bojxona organlari tezkor tuzilmalari tomonidan aniqlangan 9 ta holatda huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan jami 132 ming 180 quti tamaki mahsuloti yo‘q qilindi.
Ma’lum qilinishicha, bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘tgan yilda aniqlangan 512 ta holatda qiymati 61,6 mlrd. so‘mlik 2,9 mln. quti tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa 137 ta holatda qiymati 9,3 mlrd. so‘mlik 305 ming quti tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari fosh qilingan.