Jahon banki ko‘magida “Toshkent – Andijon” pullik avtomobil yo‘lini qurish belgilandi.
Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan bu tezyurar magistral 10,5 milliondan ortiq aholi yashaydigan vodiyni poytaxt bilan bog‘lovchi muhim arteriya bo‘lib hizmat qiladi, Toshkentdan Andijonga yetib borish vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirishi mumkin.
Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash va tasdiqlash Vazirlar Mahkamasiga topshirilgan edi. Yaqinda ushbu loyiha bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilindi. Qisqa vaqtda unga ko‘plab nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi. PWC (O‘zbekiston), “Arup and Partner’s” va CMS “Cameron” (Buyuk Britaniya) konsultantlar konsorsiumi hukumat tomonidan xususiy sherikni tanlashga yordam berish uchun loyihaning maslahatchisi sifatida jalb qilindi. Loyiha konsepsiyasi shu yil 21 yanvarda tasdiqlandi. Uning qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 4,28 milliard dollarni tashkil etmoqda. Yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim 49 yil davomida amal qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha tenderi ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda xususiy kompaniyalar dastlabki malakalashdan o‘tish uchun hujjatlarini topshiradi. Ikkinchi bosqichda dastlabki saralashdan o‘tgan kompaniyalar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi. Tenderda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi bilan uzoq muddatli davlat- xususiy sherikchiligi bitimi imzolanadi.
“Toshkent–Andijon” yo‘nalishining 64 foizi yangi, 36 foizi rekonstruksiya qilinadi. Trassa uzunligi I-a (avtomagistral) toifasiga kiradi va oltita yo‘lakdan iborat bo‘ladi.
Loyiha qurilishi uch bosqichdan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Dastlab 102 kilometrli Toshkent – Angren, ikkinchi bosqichda 69 kilometrli Angren –Pop, uchinchi bosqichda 143 kilometr uzunlikdagi Pop – Andijon uchastkasi quriladi. Yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi.
Shu yildan boshlab qurilishi rejalashtirilayotgan loyihaning 1-bosqichi doirasida Qamchiq dovonida 16,4 kilometrlik tunnel yo‘li barpo etiladi.
Pulli yo‘l mavjud yo‘llarga muqobil sifatida qurilmoqda.
Pulli magistralda yo‘l haqi miqdori transport vositasining turiga, uning og‘irligiga yoki g‘ildirak o‘qlari soniga qarab o‘zgaradi. Katta va og‘ir transport vositalari uchun tariflar odatdagi avtomobillarga nisbatan yuqori bo‘ladi.
“Toshkent – Andijon” magistral yo‘lini 5-7 yilda foydalanishga topshirish kutilmoqda. Bu jarayon 2025-2032 yillarni o‘z ichiga oladi.