Bugun "O'zekspomarkaz" Milliy ko'rgazma majmuasida "Agro sanoati – "AgroWorld Uzbekistan 2025" 20-yubiley xalqaro ko'rgazmasi ochildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
13-mart sanasiga qadar bo'lib o'tadigan mazkur iqtisodiy tadbir "Iteca Exhibitions" xalqaro ko'rgazma kompaniyasi tomonidan "ICA Eurasia Group" bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Foto: "Dunyo" AA
"AgroWorld Uzbekistan" – bu har yili agrosanoat hamjamiyatining diqqat e'tibori va qiziqishini o'ziga tortadigan sanoat sohasidagi muhim ko'rgazmasi hisoblanadi. Bu yil ushbu ko'rgazma o'zining yigirma yilligini nishonlamoqda. Ko'rgazma o'tgan yillar davomida qishloq xo'jaligida innovatsiyalar va zamonaviy trendlarni taqdim etish, ularni ishlab chiqarishga joriy etish, mahalliy biznesni rivojlantirish va eksportni kengaytirish uchun ishonchli platforma sifatida o'zini namoyon qildi. 2006-yilda ishga tashkil etilganidan beri ushbu ko'rgazmada 43 mamlakatdan 1846 kompaniya ishtirok etdi, 117 ming kishi keldi.
Bu yerda mutaxassislar butun ishlab chiqarish zanjiri – qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish, chorva mollari va parrandalarni ko'paytirishdan tortib yig'im-terim, qayta ishlash va saqlashga oid asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Ko'rgazmaning asosiy ekspozitsiyalari "O'zekspomarkaz" MKKning 1- va 2-pavilyonlarida taqdim etiladi. Xususan, 1-pavilyonda don va omuxta yem sohalari kompaniyalari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari, o'g'itlar va sug'orish uskunalari ishlab chiqaruvchilar o'z mahsulotlarini namoyish qiladilar.
2-pavilyonda parrandachilik va chorvachilik sohasidagi yangiliklar, yem-xashak ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari, veterinariya sohasidagi yechimlar va ishlanmalar o'rin olgan.
Ochiq ko'rgazma maydonida mutaxassislar qishloq xo'jaligi texnikasi namunalari, jumladan, kombayn, mini-ekskavator va traktorlar bilan tanishishlari mumkin.
Bu yilgi ko'rgazmada 23 mamlakatdan, jumladan, Belarus, Belgiya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog'iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Litva, Niderlandiya, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Turkiya, O'zbekiston, Ukraina, Fransiya, Xorvatiya, Shveysariya, Yaponiyadan 130 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Ko'rgazmada mahalliy kompaniyalar orasida qishloq xo'jaligi uskunalari, o'g'itlar, omuxta yem, laboratoriya uskunalari va inkubatsion materiallar yetakchi ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilari qatnashyapti.
Ular orasida "Vostok-agro", "TD" omuxta yem, "Union Max Agro" o'g'itlar, "Uhm Landtech" ekish va hosil yig'ish uchun qishloq xo'jaligi texnikasi, "LabLog Group" laboratoriya uskunalari va fermer xo'jaliklarini jihozlash, "Dominant Domkur" inkubatsion tuxum yetkazib berish bo'yicha tashkilotlar hamda meva va sabzavotlarning yirik eksportchisi "Aziya Agro Biznes" va boshqa kompaniyalar bor.
An'anaga ko'ra, Turkiya 12 ta kompaniyadan iborat milliy stendni taqdim etyapti. Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkilotining (JETRO) mintaqaviy vakolatxonasining ilk ishtiroki ham diqqatga sazovordir. U agrosanoat sektori uchun innovatsion yechimlarni taklif qiluvchi 13 ta yetakchi yapon kompaniyalarining imkoniyatlarini namoyish qilyotir.
Ko'rgazmada birinchi marta qatnashayotganlar orasida mevalarni saralash va qayta ishlash uskunalari ishlab chiqaruvchisi "Agricola" (Ispaniya), tayyor chorvachilik fermalarini qurishga ixtisoslashgan "ROTA GUIDO" (Italiya), omuxta yem va qo'shimchalar ishlab chiqaruvchi "Agrofeed" (Vengriya-Rossiya), yem-xashak qo'shimchalari ishlab chiqaruvchi "AdiFeed" (Polsha), qishloq xo'jaligi hayvonlari va parrandalarining oziqlanishi va salomatligini asrashga ixtisoslashgan "Kargill" (Rossiya) va niderland lola ildizpoyalari yetishtiruvchisi "Haakman Flowerbulbs B.V." (Niderlandiya) kabi korxonalar bor.
Ko'rgazmaning ikkinchi kuni, ya'ni 12-mart sanasida O'zbekiston Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ko'magida "Fermer kuni" o'tkazilishi ko'zda tutilgan. "Fermerlar kuni" – "AgroWorld Uzbekistan" ko'rgazmasining samarali tarkibiy qismlaridan biri bo'lib, unda ko'rgazma ishtirokchilari fermer va dehqon xo'jaliklari rahbarlari va bosh mutaxassislari bilan uchrashadilar.