Foto: Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya hukumati bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zolik borasida muzokara o‘tkazdi.
Bosh muzokarachi Azizbek Urunov Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov bilan kechgan muzokaralarda ikki tomonlama bozorga kirish bo‘yicha “hal etilmagan masalalar” ko‘rib chiqilganini aytdi
“Muzokaralar foydali, mazmunli va konstruktiv o‘tdi. Ayni paytda ikkala tomon ham oldinga siljishga intilmoqda. Qisqa vaqt ichida taqdim etgan fayllarimizga tezkor reaksiya qilganliklari uchun rossiyalik hamkasblarga minnatdorchilik bildiraman”, – deya yozdi Urunov 14 mart kuni LinkedIn'dagi sahifasida.
Vazir Reshetnikov bu uchrashuvda Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida “Rossiya gazi, nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish oshib borayotgani”ni qayd etgan.
“Bu kontekstda O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga oid rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi”, – deyilgan xabarda.
Reshetnikovning ma‘lum qilishicha, ikki o‘rtada oziq-ovqat mahsulotlari savdosida o‘sish kuzatilgan va bu borada deyarli paritet kuzatilmoqda: O‘zbekiston Rossiyadan 1 mlrd dollarlik, Rossiya ham O‘zbekistondan salkam 1 mlrd dollarlik oziq-ovqatlar import qilmoqda