Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘shrabot tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda “Sh.B.” MCHJ rahbari A.X. va boshqalar “Shova” MFY hududidan o‘tuvchi soy bo‘yidan noruda foydali qazilma hisoblangan qum-shag‘al aralashmasini korxona maxsus texnikalari yordamida qazib olib, MCHJ ishlab chiqarish syexiga yetkazib berayotganliklari aniqlanib, 3 dona maxsus texnikalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Foto: xs.uz
Shuningdek, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MCHJ mas’ul shaxslari jami 35,8 ming kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 3,9 mlrd so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi va Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Buxoro tumanidagi gips koni hududidan “S.m.”, “W.g.”, “A-G.”, “K.Z.” va “B.G.” MCHJ mas’ul shaxslari jami 33,5 ming kub hajmdagi gips toshlarini o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 3,4 mlrd so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) va 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.