Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU hamkorligida “Oʻzbekiston madaniy merosi — butun insoniyat boyligi. Yangi Oʻzbekistonning xalqaro loyihalari taqdimoti” mavzusida anjuman oʻtkazildi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyasini boyitish, bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi hamkorlarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu anjumanda yurtimizdagi hamda xorijdagi elchixonalar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Tashkil etilgan anjumanda joriy yil 29-yanvarda Davlat rahbarining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash doirasida kelgusidagi rejalar va maqsadlar haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi.
Anjumandan soʻng, yurtimizdagi hamda xorijdagi elchixonalar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taassurotlari bilan boʻlishdi.
Foto: xs.uz
Italiyaning Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Pyergabriyele Papadia de Bottini oʻzbek xalqi ushbu markaz bilan faxrlanishini haqida gapirarkan, jumladan shunday dedi:
- Islom sivilizatsiyasi markazi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu haqiqatan ham ulkan loyiha. Menimcha, butun oʻzbek xalqi ushbu markaz bilan faxrlanishi lozim. Men ham ushbu loyihada hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanaman. Shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan bu buyuk mamlakat tarixi meni doim hayratda qoldiradi. Biz sharq olimlaridan biri boʻlgan Ibn Sinoni yaxshi bilamiz va shu kabi olimlar yurti bilan hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanamiz. Italiyaning eng qadimgi Bolonya universiteti kutubxonasi oʻzbek olimlari uchun bir milliondan ortiq kitobdan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
Malayziyaning Oʻzbekistondagi elchisi Ilham Tuah bin Illias Malayziya va Oʻzbekiston koʻplab sohalarda hamkorlik qilishi juda muhimligi qayd etdi:
- Malayziya va Oʻzbekiston koʻplab sohalarda hamkorlik qilishi juda muhim. Ayniqsa, 4-5-fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Kuala-Lumpurga tashrif buyurganidan keyin bu yoʻnalishda yangi imkoniyatlar ochildi. Davlatingiz rahbari islom haqida dunyo tasavvurini qayta shakllantirish boʻyicha uzoqni koʻra oladigan qarashlarga ega. Ayniqsa, dunyoning ayrim qismlarida islom notoʻgʻri talqin qilinayotganini hisobga olsak, bu juda muhim tashabbusdir. Biz islomning ilm-fan, madaniyat va taraqqiyotga qoʻshgan hissasini namoyish etishimiz lozim. Axir Oʻzbekiston tibbiyot, astronomiya, matematika va ilm-fanning boshqa sohalari beshigi ham boʻlib kelgan. Bu juda ilhomlantiruvchi holat. Malayziya bu yil ushbu Markazda Oʻzbekiston madaniy merosiga oid nodir va noyob durdonalarni namoyish etishni rejalashtirmoqda.
Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev loyihaning gʻoyasi buyukligi haqida gapirdi:
- Bu yerda koʻrganlarim tasavvur qilganimdan ham ortiq ekan. Avvalo, binoning oʻzi nihoyatda ulugʻvor va mahobatli. Bu esa bunyod etilayotgan loyihaning gʻoyasi buyukligidan dalolat beradi. Amir Temur davridan boshlab uning saroyida bizning ilohiyotshunoslarimiz, olimlarimiz, adiblarimiz, faylasuflarimiz faoliyat yuritgan. Shu bois, Ozarbayjonning Oʻzbekiston bilan aloqasini alohida taʼkidlamaslikning iloji yoʻq.
Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy arxitekturasi va mahobatidan hayratlanganini aytdi:
- Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish men uchun juda ulkan tajriba boʻldi. Menga binoning arxitekturasi juda yoqdi. Bu haqiqatan ham goʻzal imorat ekan. Toʻgʻri, hali qurilish ishlari tugallanmagan, ammo mening koʻrganlarim binoning mahobatidan darak berib turibdi. Eng mohir ustalar mehnat qilishayotganligi yaqqol sezilib turibdi. Ekspozitsiyaning oʻzi ham juda qiziqarli ekan. Yoshlar ham, kattalar ham dunyo islom sivilizatsiyasi haqida koʻp maʼlumot olishlari mumkin. Shu bois, bu juda yaxshi tashabbus deb hisoblayman. Bunday markazning mavjudligi Oʻzbekistonning oʻziga xosligini namoyon etishda juda muhim. Men buni oldin ham taʼkidlaganman. Menimcha, odamlar oʻz madaniyati, tarixi, dini haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishi juda foydali.
Vatikanning Oʻzbekistondagi vakili, yepiskop Yeji Matsulevich Islom sivilizatsiyasi markazi haqida gapirar ekan, uning ilmiy-madaniy loyiha sifatidagi oʻrnini yuqori baholadi:
– Islom sivilizatsiyasi markaziga birinchi bor kelishim emas. Har kelganimda iliq taassurotlar bilan bu yerni tark etaman.Eng avvalo, taʼkidlash kerakki, bu markaz yoshlarga va boshqalarga Oʻzbekiston tarixini, islom tarixini, shuningdek, islomdan avval mavjud boʻlgan dinlarni ham yaxshilab oʻrganishga yordam berish uchun tashkil etilgan. Bu yerda har safar yangi narsalarni koʻrib hayratlanaman, markaz qay darajada rivojlanayotgani va bu bino tobora goʻzallashib borayotgani haqida gapiraman. Tashrif buyuruvchilar bu yerdagi barcha ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishishlari uchun doimo yangi gʻoyalar yaratilayotganiga guvoh boʻlaman.
Anjuman qatnashchisi, Tojikistonning Oʻzbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda dunyo sivilizatsiyasida Oʻzbekistonning beqiyos oʻrni haqida toʻxtaldi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyevga shunday ulugʻvor markaz barpo etilayotgani uchun chuqur minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Qurilish boshlanganida koʻrgan edik, ammo bugun koʻrganlarimiz oʻxshashi yoʻq megaloyiha. Bu yerda biz fan, taʼlim, adabiyot va madaniyat rivojlanishiga haqiqatan ham ulkan hissa qoʻshgan Oʻzbekistonning yetakchi ilm-fan, maʼrifat namoyandalari hamda atoqli olimlarining ilmiy merosi bilan tanishdik. VIII-XIII asrlarda xalqlarimiz matematika, algebra, astronomiya, tarix, ayniqsa din sohasida bebaho asarlar yaratdilar. Imom Buxoriy bitgan kitoblar va hadislar alohida ahamiyatga ega. Bugunda barcha islom mamlakatlari bu hadislardan foydalanib keladi, chunki ular ishonchli va haqiqatga toʻla mos keladi. Haqiqatan ham, bugun butun islom dunyosi foydalanayotgan bu tarixiy manbalar X-XIII asrlarda Oʻzbekiston haqiqiy sivilizatsiya markazi boʻlganini tasdiqlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning dono siyosati tufayli Uchinchi Renessans davri allaqachon boshlanib ulgurdi. Haqiqatan ham, bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston har tomonlama taraqqiy etmoqda. Biz uning ilm-fan sohasidagi yuksalishini yaqqol koʻrib turibmiz.
Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Ahmad Faruq anjuman davomida oʻzining Markaz haqidagi fikrlari bilan boʻlishib, kelgusida ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istagini bildirdi:
– Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish juda noyob va yoqimli tajriba boʻldi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilayotgan ushbu markaz madaniyat, ilm-fan va tarixni oʻzida mujassam etadigan platforma sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. U nafaqat Oʻzbekiston, balki bizning tariximiz uchun ham umumiy boʻlgan islom madaniyati tarixi va olimlarini birlashtiradi. Aytishim mumkinki, ular butun insoniyat taraqqiyotiga, biz erishgan koʻplab ilmiy yutuqlarga hissa qoʻshgan. Biz uchun juda qadrli boʻlgan Usmon Qurʼoni qoʻlyozmasi bilan tanishdik. Islom dunyosi uchun juda muhim boʻlgan ushbu Qurʼon Markaz binosiga joylashtiriladi. Pokistonda ham juda koʻp qadimiy maʼlumotlarga boy muzeylar mavjud. Umid qilamanki, biz kelgusida muhim hamkorlik loyihalarini birgalikda amalga oshiramiz.
Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashqi fasadidan boshlab, ichkaridagi muhitigacha ufurib turgan ulugʻvorlikka toʻxtalarkan, shunday dedi:
– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi har tomonlama muhtasham, ӯzbek meʼmorchiligining zamonaviy kӯrinishini oʻzida aks ettirgan, judayam hayajonga soladigan bino. Tashqi fasadidan boshlab, ichkaridagi muhiti ham insonni jumbushga keltiradi. Lekin eng muhimi, bu yerdagi qimmatli asarlar, anʼanaviy va zamonaviy yondashuvlar, ӯzbek sanʼatini aks ettirgan ishlar chin maʼnoda tashrif buyurgan insonni hayajonga soladi. Mehnati singgan barchaga ӯz rahmatimni aytaman. Aslida bu kabi binolar islom olamida son jihatidan kӯpayishi kerak. Bunga ӯxshash binolar bor, lekin Islom sivilizatsiyasi markazining Ӯzbekistonda ochilishini oqilona fikr, deb bilaman. Zero, kirishdagi butun olimlarning suratlari aks ettirilgan bӯlimda miyamga ilk kelgan fikr bizning Turkiston madaniyati deb shu paytgacha ӯqib, kӯrganlarimiz bu jugʻrofiyaga oid ekanligi boʻldi. Ishonchim komilki, odamlar bu dargohdan nafaqat islom tarixi, shu bilan birga Turon-Turkiston tarixi haqida ham zarur maʼlumotlar olish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Hozir Turkiya va Ӯzbekiston orasida hamkorliklar barcha sohada kӯzga tashlanadi. Bugungi kundagi madaniyat, sanʼat va tarix sohalaridagi hamkorliklarimiz misli kӯrilmagan voqealardan bӯlmoqda. Sulaymoniya kutubxonasi, IRSIKA tashkilotining hamkorligi yuqori bosqichga chiqqan va bu tashkilotlar Markazda ham oʻz ofislarini ochishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Turkiyadagi Turk va islom sanʼati muzeyini ham juda jiddiy hamkorligi bor. Albatta bu kabi hamkorliklarni davom ettiramiz. Muhimi, bu yerdan ӯrin olgan har bir asar, madaniyatni kӯrib har bir turk faxrlanadi va ӯzini ӯz uyidagidek his etadi.
Anjuman yakunida qatnashchilar bilan xalqaro hamkorlik istiqbollari va hamkorlik dasturlarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.