Samarqand viloyatining Urgut tumani, Sariqtepa massivida yangi podstansiya qurilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi. Qayd etilishicha, ushbu qurilma nafaqat “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi ishlab chiqarish korxonalarini, balki tuman aholisini ham uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Loyihaning umumiy qiymati 25,5 million AQSH dollarini tashkil etib, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda moliyalashtirilmoqda.
Foto: xs.uz
Ushbu loyiha va unga bogʻliq elektr tarmoqlari orqali “Urgut” EIZning “Mergancha” va “Sariqtepa” massivlarida joylashgan ishlab chiqarish korxonalariga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Mazkur loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi infratuzilmasini yanada takomillashtirish va hududdagi sanoat ishlab chiqarish jarayonlarini barqaror rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, energetika tizimidagi islohotlar doirasida aholini va tadbirkorlik subyektlarini ishonchli va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadlari yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.
Foto: xs.uz