Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziriga yangi oʻrinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi markaziy apparati, tizimosti korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilgan. Unda tashkiliy masala koʻrib chiqilgan.
Yigʻilishda Rustam Yusupov togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining oʻrinbosari lavozimiga, Azam Qodirxoʻjayev Geologiya fanlari universiteti rektori lavozimiga tayinlangani eʼlon qilingan.
Foto: Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi
Shu bilan birga, yigʻilishda davlat rahbari tomonidan sohaga berilayotgan eʼtibor sabab qator yutuqlar qoʻlga kiritilayotgani, katta loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, sohada kadrlar tayyorlashga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi, xorijiy tajribani oʻrgangan holda taʼlimda yangi marralarni zabt etish muhim ahamiyatga ega ekani, inson resurslarini toʻgʻri boshqarish katta natijalarga erishishga xizmat qilishi taʼkidlandi.