O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida “Shaxmat maktabi”ning ochildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Qady etilishicha, O‘zbekistonda shaxmatni yanada rivojlantirish, mehnatkashlar, shu jumladan yoshlar o‘rtasida shaxmatni ommaviy harakatga aylantirish ishlariga munosib hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan mazkur “Shaxmat maktabi”ning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar Kengashi, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi, Federatsiya tasarrufidagi “Yakkasaroy sport sog‘lomlashtirish majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Xalqaro shaxmat akademiyasi mutasaddilari, shaxmat sohasi ustalari, jamoatchilik vakillari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimiz kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi oldidan amalga oshirilgan ushbu xayrli loyiha natijasida shaxmat ishqibozlari ushbu maktabda aql gimnastikasi sirlarini bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Mazkur maktab, aholi, ayniqsa, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida shaxmat o‘yinini keng targ‘ib etish bilan birga, yigit-qizlar orasidan shaxmat o‘yiniga qiziquvchi yosh iqtidorlarni aniqlab, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, bu orqali ular orasidan kuchli shaxmatchilar yetishib chiqishini ta’minlashga xizmat qiladi.