Oʻzbekistonning San-Marinoga tayinlangan birinchi elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rimda joylashgan) mazkur davlat rahbarlari – Kapitan-regentlar Francheska Chiverkya va Dalibor Rikkardiga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Tantanali marosimda mamlakat tashqi ishlar vaziri Luka Bekkari Oʻzbekiston va San-Marino oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni, jumladan, ushbu mamlakatga birinchi elchining tayinlanishini yuqori baholadi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishi va barqaror rivojlanish boʻyicha olib borayotgan siyosati eʼtirof etildi. Tomonlar oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, huquqiy bazani mustahkamlash va xalqaro tashkilotlar doirasida qoʻllab-quvvatlash borasida kelishuvlarga erishdi.
Oʻzbekiston va San-Marino oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 2021-yil 3-fevralda oʻrnatilgan. Mamlakat Yevropada joylashgan dunyodagi eng kichkina davlatlardan biri. U Italiya hududida, Apennin togʻlarida joylashgan boʻlib, butunlay Italiya bilan oʻralgan.
Eslatib oʻtamiz, Abat Fayzullayev 2023-yil noyabr oyidan buyon Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi va Rimdagi xalqaro tashkilotlar (FAO, JSST, UNODC) huzuridagi doimiy vakili hamda 2024-yil dekabr oyidan boshlab Respublikamizning Kipr va Maltadagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.