Andijon viloyatining Shahrixon tumanida suyultirilgan gaz taʼminotidagi qonunbuzilish holatlarini aniqlash boʻyicha reyd tadbirlari oʻtkazildi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Shahrixontumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi qorovuli A.T. va boʻlim chilangari J.X. oʻzaro til biriktirib, aholi isteʼmolchilariga tegishli boʻlgan suyultirilgan gazni talon-toroj qilishga uringan.
Ular J.X.ga biriktirilgan maxsus avtotransport vositasini oʻzboshimchalik bilan boshqargan holda, suyultirilgan gazni aholi isteʼmolchilariga tarqatish oʻrniga belgilangan yoʻnalishdan chetga chiqib, ballonlarni noturar bino hududiga tushirayotgan vaqtida toʻxtatilgan.
Tekshiruv jarayonida mazkur binoda jami 155 dona maishiy gaz balonlari yongʻin xavfsizligi qoidalariga zid ravishda noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlangan.
Shuningdek, 1 dona elektron tarozi, avtomobillarga propan gaz oʻtkazish uchun maxsus moslashtirilgan 2 dona rezina shlanglar va ogʻir qoldiqni toʻkib olib saqlash uchun moʻljallangan 10 dona plastmassa idishlar ham borligi maʼlum boʻlgan.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.