O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroittifoq bilan iqtisodiy muloqotni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroittifoq bilan iqtisodiy muloqotni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

28.03.2025 00:00 O'zbekiston 5

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Amaliy hamkorlikni kengaytirish va bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

6d44a230-0b51-f481-02d2-db85242a6a1f_lists_slider_7982

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Joriy yil 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti tadbirlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bugun Ashxobod shahrida o‘tgan vazirlar darajasidagi ko‘p tomonlama uchrashuvning samarali yakunlari yuksak baholandi.

Savdo va logistika, shu jumladan Transkaspiy transport yo‘lagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, raqamlashtirish, "yashil" energetika, ekologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish, tashabbus va loyihalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonning EI institutlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni qabul qilish hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.