Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasida nutq so‘zladi

Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasida nutq so‘zladi

07.04.2025 00:00 O'zbekiston 5

lnF6Cfb9JVAI3ftAnA2dEQkZHM3i85bV

Prezident har qanday ziddiyatlarrni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekani yana bir bor ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning Toshkentda o‘tkazilayotgan 150-assambleyasida nutq so‘zladi.

«Vakillik diplomatiyasini amalga oshirish, dolzarb masalalarni xalqlar va davlatlarning umumiy manfaatlari asosida tizimli hal etishda Parlamentlararo Ittifoq nufuzli va eng yirik ko‘p tomonlama institutga aylanganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Ittifoqning Birlashgan Millatlar Tashkilotida doimiy kuzatuvchi maqomiga ega ekani uning global barqarorlik va hamjihatlikka qo‘shayotgan hissasining ifodasidir. Bugungi anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashayotgani ham fikrimning yorqin dalilidir.

Bizning tashabbusimiz bilan Assambleya “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilayotgani albatta chuqur ramziy ma’noga ega.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi, pirovard natijada odamlarning imkoniyatlarini cheklaydi.

Albatta, bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizdir.

Ishonaman, ushbu yo‘nalishda davlatlarning vakillik organlari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yanada kengaytirish umumiy taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shadi.

Bu borada parlamentlar eng yaxshi an’ana va ilg‘or tajribalarni ishga solish va almashish, o‘zaro sa’y-harakatlarni birlashtirgan holda, bor intellektual salohiyati va kuchini to‘liq safarbar qilishiga umid qilaman», degan Shavkat Mirziyoyev.

«Jahonda yuz berayotgan bugungi global o‘zgarishlar Parlamentlararo Ittifoq va milliy parlamentlarimiz oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini albatta beradi.

Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz.

Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir»

«Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz.

Umuman olganda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi. Biz bu borada Bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz».