foto:pinterest
Fransiyaning “Kurshevel” tog‘-chang‘i kurorti O‘zbekistonda Yevropa darajasidagi sayyohlik zonalarini yaratishdan manfaatdor, dedi prezident. Parkentdagi “Oltin bel” cho‘qqisida allaqachon Amirsoy majmuasidan to‘rt barobar katta yangi chang‘i zonasi qurilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni hududlarning sayyohlik salohiyatini oshirish va xorijiy sarmoyalarni jalb etgan holda loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm xizmatlari eksporti 1,6 barobar oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi. Bu yo‘nalishda ikki mingdan ortiq yangi tadbirkor o‘z faoliyatini boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi birinchi marta 10 milliondan oshdi.
Qayd etilishicha, mamlakat hududlarida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda.
So‘nggi 8 yilda mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan 6,5 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilib, natijada 130 ming mehmonxona o‘rinlari yaratilgan. Bu yil ularning soni yana 30 mingga ko‘payadi.
Parkent shahridagi “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi chang‘i zonasi tashkil etilmoqda, bu Bo‘stonliq tumanidagi Amirsoy tog‘-chang‘i majmuasi maydonidan to‘rt barobar katta.
“Fransiyaning „Kurshevel“ tog‘-changi kurorti tog‘li hududlarimizda Yevropa standartiga mos turizm maskanlarini tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Boy tarixiy-madaniy merosimiz, go‘zal va betakror tabiatimiz sayyohlarni 2−3 karra oshirishga yetadi”, — dedi prezident.
Davlat rahbari 2040-yilgacha turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, eksport hajmini esa 10 milliard dollarga yetkazish strategiyasi ishlab chiqilayotganini alohida ta’kidladi.