Leapmotor o‘z avtomobilining O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazilish natijalaridan noroziligini bildirdi

Leapmotor o‘z avtomobilining O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazilish natijalaridan noroziligini bildirdi

13.04.2025 00:00 O'zbekiston 5

leapmotor,elektromobil

Xitoyning Leapmotor avtomobil ishlab chiqaruvchisi C16 modeli elektromagnit moslashuvchanlik sinovidan o‘tmagani bo‘yicha test natijalaridan noroziligini bildirdi. Kompaniya avtomobilni test sinovlari uchun taqdim etmaganini va qayta tekshiruv o‘tkazilishini talab qilayotganini ta’kidladi.

Xitoyning Leapmotor avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining C16 elektromobili mamlakatda sertifikatlash sinovlaridan o‘tmagani haqidagi bayonotiga izoh berdi.

Mart oyi oxirida Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasi agentlik huzuridagi O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi davlat muassasasi (UzTest)ga Leapmotor yengil avtomobillarini sertifikatlashni to‘xtatib turishni so‘rab murojaat qilgandi.

Bunga sabab C16 modelida aniqlangan elektromagnit shovqin darajasining ruxsat etilgan me’yordan oshib ketgani bo‘ldi. Qoidabuzarlik bitta modelda aniqlangan bo‘lsa-da, brendning barcha avtomobillari uchun sertifikatlash to‘xtatildi.

9-aprel kuni Leapmotor Weibo platformasida rasmiy bayonot berib, tekshiruv natijalaridan noroziligini va qayta test topshirishga tayyorligini bildirdi. Spot bunga e’tibor qaratdi.

Kompaniya test natijalarini tan olmasligini qo‘shimcha qildi.

“Ogohlantirishda tilga olingan avtomobil Leapmotor kompaniyasining o‘zi tomonidan sinov uchun taqdim etilmagan. Ushbu avtomobilning sinov shartlari va maqomi noma’lum, shuning uchun kompaniya test natijalariga shubha bildirish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, — deyiladi bayonotda.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston regulyatori bilan aloqada ekanini va qayta sinovlarni tashkil etish ustida ishlayotganini ta’kidladi.

“Tekshiruvlar jarayoni haqida qo‘shimcha xabar beriladi. Umid qilamizki, shaffof va xolis jarayon tufayli Leapmotor mahsulotlariga nisbatan ishonchli manzarani taqdim etish mumkin bo‘ladi”, — deyiladi Leapmotor xabarida.