O'zbekiston agrotexnik amaliyotlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda Afg'onistonga yordam berishga tayyor

O'zbekiston agrotexnik amaliyotlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda Afg'onistonga yordam berishga tayyor

14.04.2025 00:00 O'zbekiston 5

a63c44d4c5758b55f656302daf6096e9

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Afg‘onistonning Qishloq xo‘jaligi, irigatsiya va chorvachilik vaziri Otaulloh Umariy boshchiligidagi rasmiy delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi mutasaddilari, xususan, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuhurov, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktor o'rinbosari Otajon Pirmonov, Afg‘oniston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mulla Abdulhaq Hamkor, Amirlikning Energetika va suv resurslari vaziri o‘rinbosari Mavlaviy Mujib ul-Rahmon Umar Ohunzoda ishtirok etishdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yangi istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida vazir Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston-Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro tajriba almashish va soha mutaxassislarini qayta tayyorlash borasidagi harakatlar tizimli yo‘lga qo‘yilganligini yuqori baholadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hamkorlikda, yangicha yondashuvlar asosida yetishtirish, Afg‘onistonning unumdor yerlarida paxta, kartoshka, pomidor, sabzi va boshqa ekinlarni xorij texnologiyasi asosida parvarishlab, hosildorlikni oshirish va bu orqali daromad manbaini hosil qilish bo‘yicha istiqbolli takliflar ilgari surildi.

Uchrashuv davomida vazir, chorvachilik yo‘nalishida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sug‘orish tizimini takomillashtirishda o‘zaro tajriba almashish, ayni sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ko‘nikmalarini rivojlantirishga doir o‘z fikrlarini bildirdi va agrotexnik amaliyotlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston tomoni doimo yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Amirlik tasarrufidagi yerlarda bog‘dorchilik, sholichilik va urug‘chilikni standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha ham muhokamalar o‘tkazildi. Afg‘oniston tomoni esa, bu kabi istiqbolli takliflar va do‘stona qo‘llov uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusida ham o‘zaro do‘stlik rishtalarini saqlagan holda hamkorlikni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Samimiy ruhda o‘tkazilgan uchrashuv yakunida ikki mamlakat rasmiylari bir-birlariga esdalik sovg‘alarini tuhfa etdilar.