14-18-aprel kunlari Oʻzbekistonning togʻ oldi va togʻli hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. “Oʻzgidromet” agentligi ish haftasi davomida kuzatiladigan ob-havo maʼlumotini e'lon qildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: xs.uz
Unga koʻra, bugun, 14-aprel kuni Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyatida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Ertaga, 15-aprel kuni hech bir hududda yogʻingarchilik kutilmaydi.
Ushbu kunlarda havo harorati 24-29 daraja atrofida, janubda baʼzi joylarda 32-37 darajagacha boʻladi.
16-aprelga kelib esa respublikaning ayrim joylarida biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. 17-18-aprel kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi.
Havo harorati asta-sekin pasayadi, respublika hududining katta qismida 16-aprelda 20-25 daraja, 17-aprelda 18-23 daraja, 18-aprelda 16-21 daraja boʻladi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Togʻ oldi va togʻli hududlarda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, 17-18-aprel kunlari baʼzi joylarda kuchli boʻladi, ayrim joylarda momaqaldiroq kuzatiladi. 14-18-aprel kunlari respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.