Markaziy bank naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratmoqchi. MB vakilining aytishicha, hozirda savdo nuqtalarida tadbirkorlar tomonidan ko‘pincha QR-kodli bir nechta taxtachalar o‘rnatilgan bo‘ladi, bu esa xaridorlarga noqulayliklar tug‘diradi. QR-kodni ishlab chiqish uchun 1 yil kerak bo‘ladi.
Markaziy bank O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Spot Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotovga tayanib xabar qildi.
“Biz yagona standart yaratishni maqsad qilganmiz. Unga ko‘ra, tashkilotda QR-kod o‘rnatiladi va mijoz uning yordamida o‘zi xohlagan mobil ilova yoki to‘lov xizmati orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Mirhayotov.
Regulyator To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, ushbu QR-kodni ishlab chiqish uchun bir yil vaqt kerak bo‘ladi.
QR-kodlar orqali to‘lovning afzalliklari qatorida POS-terminallarni o‘rnatish zaruratining yo‘qligi ta’kidlanadi Markaziy bankda. Bu biznes uchun xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, amalga oshirilgan integratsiya tufayli soliq keshbeki avtomatik ravishda hisoblanishi ham afzalliklar qatoriga kiritilgan.