O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Deputatlar tegishli qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 15-apreldagi majlisida sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Sun’iy intellekt turli sohalarda — ishlab chiqarish, hujjat aylanishi, inson omilini kamaytirish, jinoyatchilik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda yordam beradi. Shu bilan birga, sun’iy intellektning rivojlanishi fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini xavf ostiga qo‘yadi.
2024-yil davomida taniqli shaxslarning fotosuratlari va videolarini sun’iy intellekt yordamida qalbakilashtirish 50 barobar oshgan. 2023-yilda O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida qayta ishlangan noqonuniy materiallarni tarqatish bo‘yicha 1129 ta, 2024-yilda 3553 ta holat qayd etilgan. Fuqarolarning ishonchiga kirish uchun boshqa shaxslarning ovozlari va tasvirlaridan foydalanildi.
Qonunchilikka sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslariga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, “Sun’iy intellekt” tushunchasiga ta’rif berilishi bilan birga, sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilanyapti.
Loyihada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yish talabi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish ko‘zda tutilyapti.
Qonun loyihasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Loyiha qabul qilinib, Senatga yuborilishi uchun uchun ikkinchi va uchinchi o‘qishda ham qabul qilinishi kerak.