foto:wikipedia
Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy ekspert kengashining 9-aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi tarkibiga kiruvchi bir qator tarixiy obidalarni restavratsiya qilish loyihalari ma’qullandi, deya xabar qildi agentlik matbuot xizmati.
Zarqaynar ko‘chasida joylashgan Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, Namozgoh va Tillashayx masjidlarini ta’mirlash loyihalari ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma’qullandi.
Loyihalarda yodgorliklarga ziyon yetkazilmasligi kafolatlanishi va devor tagi to‘shamasi maxsus obi g‘isht — 250×250×50 o‘lchamdagi xumdonda pishirilgan musulmon g‘ishtidan foydalanish sharti bilan tasdiqlandi.
Mazkur ishlar bo‘yicha ijro va nazorat Madaniy meros agentligining Toshkent shahri boshqarmasi va Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga yuklatildi.
Bundan tashqari, kengash Navoiy viloyatidagi Qiziltepa tarixiy muzeyini ta’mirlash va Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida joylashgan Manak ota ziyoratgohida maqbara hamda yordamchi binolar qurish loyihalarini ma’qulladi.