O‘zbekistonga samolyotda kelayotgan jismoniy shaxslar hozirda 2000 dollargacha, poyezdda kelayotganlar esa 1000 dollargacha qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirish huquqiga ega. Hukumat qarori bilan, 1 maydan boshlab bu limit mos ravishda 1000 dollar va 500 dollargacha pasaytiriladigan bo‘ldi. 1-2 kunga chetga chiqib kelganlar O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirolmaydi.
O‘zbekiston hukumati samolyot va poyezdda kelayotgan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalarini pasaytirdi.
Bosh vazir tomonidan bugun, 19 aprel kuni imzolangan qarorga asosan, bojsiz tovar olib kirish normalari 2025 yil 1 maydan e’tiboran quyidagicha belgilanadi:
-
havo transportida – 1000 dollar (hozirda 2000 dollar);
-
temiryo‘l va daryo transportida – 500 dollar (hozirda 1000 dollar);
-
avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – 300 dollar (o‘zgarishsiz);
-
xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali – bir oyda 200 dollar (hozirda bir chorakda 1000 dollar);
-
xalqaro pochta jo‘natmalari orqali – 100 dollar (o‘zgarishsiz).
Belgilanishicha, temiryo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda 2 kundan kam muddat bo‘lganda, havo transportida esa 3 kundan kam muddat bo‘lganda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi. Bunda ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi va tovarlarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan qiymati 5000 AQSh dollari ekvivalentigacha bo‘lgan tovarlar bojxona deklaratsiyasini taqdim etmagan holda respublikadan olib chiqilishi mumkin, eksport bojxona boji joriy etilgan tovarlar bundan mustasno.