Futbol bo‘yicha U-17 Osiyo kubogida O‘zbekiston mezbon Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida yutib, o‘z tarixida ikkinchi marta Osiyo chempioniga aylandi (birinchisi 2012-yilda). O‘zbekistonliklar birinchi bo‘limning o‘zidayoq 2 ta qizil kartochka olib, 9 kishi qolgandi. Foto, video.
Futbol bo‘yicha U-17 O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogi finalida mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda g‘alaba qozondi. “Qirol Fahd” stadionida o‘tgan uchrashuv 2:0 hisobida yakunlandi.
Ushbu bahsni qatarlik Muhammad Ahmad Al-Shammari boshqarib bordi.
O‘yinning dastlabki daqiqalarida ikki jamoa vakillari ham faollik ko‘rsatdi.
26-daqiqada o‘zbekistonliklar yaxshi vaziyatga ega bo‘ldi, jarima maydonchasi ichida Abubakir Shukurullayev yo‘llagan to‘pni raqib darvozaboni qaytardi. Oradan ikki daqiqa o‘tgach, boshqa bir hujumga o‘tgan Shukurullayev raqibining libosidan tortgani uchun sariq kartochka oldi.
39-daqiqada Nurbek Sarsenbayev raqib o‘yinchisi bilan to‘qnashgach, unga oyog‘i bilan zarba berdi. Hakam bu holatni qizil kartochkaga loyiq ko‘rdi, VAR uning qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Futbolchi maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi.
Muhammadali Musoxonov 43-daqiqada saudiyalikka yelka bilan zarba berdi, hakam bu gal og‘zaki ogohlantirish bilan cheklandi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 5 daqiqalikda Miraziz Abdukarimov jamoa darvozasi sari borayotgan futbolchini oyoqqa tepib to‘xtatdi, hakam unga ham qizil kartochka ko‘rsatdi, VAR bu gal ham “qizil”ni tasdiqladi, jamoada 9 kishi qoldi.
Shunga qaramay, ikkinchi bo‘lim boshida raqib o‘yinchisining qo‘liga to‘p teggach, O‘zbekiston foydasiga penalti belgilandi, 50-daqiqada Muhammad Hakimov undan unumli foydalanib, hisobni ochdi. Goldan so‘ng saudiyaliklar pressing uyushtirib, ketma-ket hujumlarni amalga oshirdi, biroq himoyachilarning harakati va darvozabon seyvi tufayli hisob tenglashmadi.
O‘yinning 70-daqiqasida darvozabon bergan to‘pni Sadriddin Hasanov bir o‘zi jarima maydoniga qadar olib keldi, so‘ngra darvozabonning oyoqlari orasidan zarba berib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. O‘yin so‘ngiga qadar hisob saqlanib qoldi.
Shunday qilib, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta Osiyo chempioniga aylandi. Ilk chempionlikka 2012-yilda Eronda erishilgandi.
Ushbu turnirda o‘smirlar terma jamoasi mag‘lubiyatga uchramadi, guruhda Tailand (4:1), Xitoy (2:1) va Saudiya Arabistoni (3:0), chorak finalda BAA (3:1), yarim finalda KXDR (3:0) ustidan g‘alaba qozonildi. Futbolchilar 17 ta gol urdi va 3 ta gol o‘tkazib yubordi.
Hujumchi Asilbek Aliyev beshta gol bilan chempionat to‘purariga aylandi. Sadriddin Hasanov musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, Ne’matulloh Rustamjonov bo‘lsa eng yaxshi darvozabon deb topildi.