Prezidentga xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yilning birinchi choragi natijalari va kelgusi vazifalar taqdim etildi. Uch oyda $8,7 mlrd sarmoya jalb qilingan bo‘lib, ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar $42 milliardga yetkazish, har bir investor bilan yaqindan ishlab, samaradorlikni oshirish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyevga 21-aprel kuni investitsiya sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar hamda navbatdagi asosiy vazifalar bo‘yicha axborot berildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, joriy yil birinchi chorakda 8 milliard 700 million dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 20% ko‘proq.
Bu mablag‘lar evaziga energetika, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal va ijtimoiy sohalarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, deyiladi xabarda.
Birinchi yarimyillik yakuni bilan 18 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Umuman, 2025-yilda 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi, 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilarga har bir loyiha bo‘yicha manzilli ishlab, barcha vazirlik, hokimlik va tarmoq rahbarlarini jalb qilib, tegishli masalalarni o‘z vaqtida hal etib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.