Prezident imzolagan qaror bilan O‘zbekistondagi 29 ta yirik kompaniyalarning davlat ulushi sotiladi. Ular orasida UzAuto Motors, Universal Mobile Systems, Uzbekistan GTL kabi kompaniyalar, shuningdek, Toshkent traktor zavodi, Texnopark va bir qancha IESlar bor.
O‘zbekistonda UzAuto Motors, UMS, Toshkent traktor zavodi va bir qancha issiqlik stansiyalari xususiylashtiriladi. Bu 21-aprel kuni prezident imzolagan “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan.
Qaror Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va ularni xususiylashtirish orqali xorijiy investitsiyalar jalb etilishini jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.
Qaror bilan quyidagilar davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro va mahalliy bozorlarda sotishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
-
29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketini (ulushlarni) nufuzli xalqaro professional konsultantlarni jalb qilgan holda ommaviy savdolarga chiqarish;
-
12 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifini o‘tkazish.
Quyida savdoga chiqariladigan korxonalar sotiladigan ulushi bilan keltirilgan:
-
Universal Mobile Systems — 100 foiz;
-
UzAuto Motors — 99,7 foiz;
-
UzAuto Motors Powertrain — 100 foiz;
-
Uzbekinvest — 75,24 foiz;
-
“O‘zag‘rosug‘urta” — 99,35 foiz;
-
Uzbekistan GTL — 100 foiz;
-
“O‘zbekgidroenergoqurilish” — 96,7 foiz;
-
“Transgazmaxsusqurilish” — 77,6 foiz;
-
“Maxsusenergogaz” — 41 foiz;
-
To‘raqo‘rg‘on, Yangiangren, Angren, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh IESlari — 100 foiz;
-
Toshkent, Muborak va Farg‘ona elektr markazlari — 100 foiz;
-
“Texnopark” — 100 foiz;
-
Uzbek Leasing International — 45,5 foiz;
-
“O‘zag‘rolizing” AK — 97,5 foiz;
-
“Toshkent traktor zavodi” — 100 foiz;
-
“Sherobod sement zavodi” — 100 foiz;
-
“Yo‘lqurilish” — 100 foiz;
-
“O‘zsuvqurilish” — 100 foiz;
-
“Sharg‘unko‘mir” — 99,93 foiz;
-
“O‘zmetkombinat” — 91 foiz;
-
“Navoiyazot” — 75 foiz.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-dekabrga qadar 2030-yilgacha davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqadi. Bu jarayonga xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari ham jalb etiladi.