To‘y marosimlarini o‘tkazish tartibi yangilanadi

23.04.2025 00:00 O'zbekiston 16

to'y,marosim,bayram

Avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinishi kutilyapti

O‘zbekiston prezidenti 21 aprel kuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi farmon imzoladi.

Farmonning ilovasiga ko‘ra, 2025 yilning avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, to‘y-hasham, ma’raka va marosimlardagi isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari kuchaytiriladi.

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza diniy tashkilotining vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda litsenziyalanadigan faoliyat turidan foydalanilgan taqdirda, litsenziyali xizmat ko‘rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslar to‘yxona, kafe, restoran ma’muriyatiga va ushbu xizmatdan foydalanuvchilarga bu kabi xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beruvchi litsenziyaning nusxasini taqdim etishi zarur.