Prezidentga energetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. 2026-yil oxirigacha tadbirkorlar tomonidan 3 mingga yaqin kichik GES qurilish reja qilingan. Shavkat Mirziyoyev kichik AES qurilishi bilan bog‘liq tadbirlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berdi, dedi “O‘zatom” rahbari
Prognozlarga ko‘ra, 2035-yilda mamlakatda elektr iste’moli 121 mlrd kilovatt soat bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Shu bois 2030-yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bunda eng salohiyatli yo‘nalishlar suv va atom quvvatlaridan foydalanish ekani qayd etildi.
2025−2026-yillarda umumiy quvvati 167 megavatt bo‘lgan 2983 ta mikro GES barpo etish belgilangan. Ushbu loyihalar natijasida 500 mln kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 151 mln metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Qurilish davrida 1200 nafar, loyihalar ishga tushganidan keyin 520 nafar fuqaro ishli bo‘ladi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 2025-yilda umumiy quvvati 65 MVt bo‘lgan 1185 ta mikro GESni ishga tushirish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ularning aksariyati tadbirkorlar tomonidan ishga tushiriladi. Bunday loyihalar tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha daromad manbaiga aylanishi mumkinligini ta’kidladi. Prezident GESning namunaviy loyihalarini tayyorlash, tadbirkorlarga ko‘maklashish, xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Uchrashuvda kelgusida atom enegriyasi ham bazaviy manbalardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgani aytildi. Hozirgi kunda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi — loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi, deyiladi xabarda.
Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida mazkur yig‘ilish so‘nggi vaqtlardagi uchinchi yig‘ilish bo‘lganini aytib, atom energetikasi masalalari shaxsan prezident nazoratida ekanini ta’kidladi.
Davlat rahbari kichik atom elektr stansiyasini qurishda “yetakchi kompaniyalar” ishtirok etishi haqida alohida topshiriq bergan.
“Biz bugun ushbu loyihani eng yuqori saviyada amalga oshirish uchun Xitoy, Vengriya, shuningdek, Yevropa va Osiyoning boshqa mamlakatlari kompaniyalari konsorsiumi shakllantirilishini ma’lum qildik”, — dedi “O‘zatom” rahbari.
Uning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishni jadallashtirish, loyihaning borishi haqida doimiy ma’lumot berish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar bergan.
-
Atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma 2024-yil 27-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida AES qurilishi direksiyasi va “Atomstroyeksport” (“Rosatom”ning muhandislik bo‘limi) o‘rtasida tuzilgandi. “Rosatom” stansiya qurilishining bosh pudratchisi bo‘ladi, qurilishga O‘zbekiston kompaniyalari ham jalb etiladi.
-
Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasini “hayotiy ahamiyatga ega” deb atagan. “Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — degandi u.
-
“Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyovning aytishicha, stansiyani 2029-yildan 2033-yilgacha “bosqichma-bosqich” ishga tushirish rejalashtirilgan. Kichik AES atom muzyorar kemalarida ishlatilgan RITM-200N suv-suvli yadro reaktorlariga ega bo‘ladi, ammo bu reaktorlar bilan hali hech qanday quruqlikdagi AES qurilmagan.
-
2024-yil 10-sentabr kuni AES qurilishi direksiyasi va “Atomstroyeksport” stansiya loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risidagi protokolni imzolagan. Bu qurilish maydonida tayyorgarlik ishlarining faol bosqichi boshlanishi va loyiha hujjatlari ishlab chiqilishini anglatadi.
-
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq O‘zbekistonga baribir yirik AES kerakligini aytgandi. Uning qurilishi 2040-yilgacha davom etishi mumkin.
-
Mart oyi oxirida prezident bilan uchrashuvda yuqori quvvatli atom elektr stansiyasini texnik-iqtisodiy jihatlari hamda uni barpo etish rejalari muhokama qilingandi. “Rosatom” va “O‘zatom” katta quvvatli atom elektr stansiyasini yaratish loyihasini amalga oshirish istiqbollari masalasini kun tartibiga kiritgan edi.