O‘zbekiston Prezidenti Rossiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

23.04.2025 00:00 O'zbekiston 4

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Samarqand shahrida amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

9a2802df-eb39-5bce-74a5-9806d5d7e56c_lists_slider_8077

Foto: President.uz

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha yo‘nalishlarda faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi oshmoqda. Hududlar va yetakchi sanoat korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda. Madaniyat, san’at, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik kengayib bormoqda.

Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.