Yirik davlat kompaniyalari aksiyalarini birlamchi va ikkilamchi ommaviy taklifini o‘tkazish jadvali tasdiqlandi.

24.04.2025 00:00 O'zbekiston 6

mirziyoyev

Prezident Navoiy va Olmaliq KMKlari, Uzbekistan Airways, “O‘zbektelekom” va MIJ kabi 12 ta yirik davlat kompaniyasi aksiyalarini birlamchi va ikkilamchi ommaviy taklifini o‘tkazish jadvalini tasdiqladi. Dastlab 2−5 foiz aksiyalarni joylashtirish reja qilingan bo‘lsa, hozir u 10−25 foizni tashkil etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, xususiylashtirishni amalga oshirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilardan iborat:

  • 29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketini (ulushlarni) nufuzli xalqaro professional konsultantlarni jalb qilgan holda ommaviy savdolarga chiqarish;
  • 12 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifini o‘tkazish.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (DABA) 2025-yil 1-iyulga qadar jalb qilingan professional konsul’tantning taklifini inobatga olgan holda va Energetika vazirligining yoqilg‘i yetkazib berishning eng kam miqdori bo‘yicha kafolati asosida xalqaro bozorda issiqlik elektr stansiyalarining ochiq ommaviy savdolarini e’lon qilish topshirildi. Mazkur chora-tadbirlar amalga oshirilgach, “O‘zmetkombinat” AJdagi davlat ulushi ham sotuvga qo‘yiladi.

DABA 2025-yil 1-dekabrga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda 2030-yilgacha davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar vazirligi, DABA, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, AOKA va boshqa tuzilmalar birgalikda xalqaro investorlarni jalb qilish maqsadida xorijiy OAV va RR-konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda targ‘ibot va xalqaro forumlarda taqdimotlar (road show) o‘tkazishi kerak.

Prezidentning 2024-yil 19-apreldagi qarori bilan 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi:

  • “O‘zbektelekom”, “O‘zbekgidroenergo”, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekgeologiyaqidiruv”, “O‘zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyatlari — 2 foizdan;
  • Tovar xomashyo birjasi — 2,4%;
  • “Temiryo‘lkargo”, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” — har biri 4%;
  • “Toshkent” RFB, O‘zbekiston pochtasi, UzAuto Motors Powertrain, Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish — 5 foiz.

Ammo hozirda rejalashtirilgan aksiyalar hajmi keskin oshib, 10−25 foizga yetdi. Masalan, endilikda Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari aksiyalarining avvalgi 2 foiz o‘rniga 10−15 foizini IPO o‘tkazish rejalashtirilgan.

Kompaniya

Davlat ulushi (%)

Tenderlarni e’lon qilishning oxirgi muddati

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ

10−15

2025-yilning II yarmi

“O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi” AJ

25

2026-yilning I yarmi

“Navoiyyuron” davlat korxonasi

10−15

2026-yilning II yarmi

Uzbekistan Airways AJ

15−20

2026-yilning I yarmi

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ

10−15

2027-yilning I yarmi

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ

10−20

2027-yilning I yarmi

“O‘zbektelekom” AK

10−15

2027-yilning II yarmi

“O‘zbekgidroyenergo” AJ

15−20

2027-yilning II yarmi

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ

20−25

2028-yilning I yarmi

“O‘ztransgaz” AJ

15−20

2028-yilning yarmi

Uzbekistan Airports AJ

15−20

2028-yilning yarmi

“Xududgazta’minot” AJ

15−20

2028-yil 2-yarim yil

1,5 milliard dollarlik 18 ta korxona va bank ulushini sotib olgan Milliy investitsiya jamg‘armasining IPOsi Franklin Templeton Asset Management kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Singapur sarmoyaviy kompaniyasining shu’ba korxonasi 2025-yilning fevral oyida fondning ishonchli vakili etib tayinlangan edi.

Aksiyalarni joylashtirish ham xalqaro, ham ichki fond bozorlarida amalga oshiriladi.