Navoiy viloyatining Konimex tumanida ekologik va qishloq xo‘jaligi sohalarida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha amalga oshirildi. Uzoq yillar davomida tumanda yog‘ingarchilikning kamligi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi chorvachilikning rivojlanishiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgan edi.
Mazkur muammoni hal etish maqsadida birinchi bor tumanga yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda yuzaga keltiruvchi apparat olib kelindi.
Ushbu apparat orqali atmosferadagi tabiiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatib, bulut hosil qilish va yomg‘ir yog‘dirish imkoni yaratiladi. Bu texnologiya O‘zbekistonda ilk marta qo‘llanilayotgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – qurg‘oqchilikka qarshi samarali kurash va yaylovlar holatini yaxshilashdir.
Loyiha Qozog‘istonning “International Centre of Climate Change Technologies” (ICCT) kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bunday yondashuv yaqin kelajakda Konimexda tabiiy resurslardan samarali foydalanishni kuchaytiradi, ekologik muvozanatni saqlashga ko‘mak beradi va qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga turtki bo‘ladi, deyiladi xabarda.