Saudiya Arabistoni o‘zbekistonliklarga elektron viza berishni vaqtinvchalik to‘xtatib qo‘ydi

28.04.2025 00:00 O'zbekiston 4

pasport,viza

Saudiya Arabistoni Turizm vazirligining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, o‘ndan ortiq davlatlar, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilish xizmati vaqtinchalik to‘xtatilgan. Bu – sayohat yoki Umra maqsadida qirollikka borib, noqonuniy Haj qilishning oldini olish uchun ko‘rilgan chora sifatida baholanmoqda.

Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi O‘zbekiston fuqarolari uchun onlayn portal orqali elektron viza olish imkonini yopib qo‘ydi. Qirollik rasmiylari bu borada izoh bermagan.

«23 apreldan 9 iyunga qadar elektron vizaga murojaat qilish xizmati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu muddat ichida Saudiya Arabistoniga sayohat qilishni xohlovchilar o‘z mamlakatlaridagi elchixonalar yoki vakolatli viza idoralari orqali viza olishga ariza topshirishlari mumkin. Bundan tashqari, amaldagi Shengen, Buyuk Britaniya yoki AQSh vizalariga ega sayohatchilar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya yoki AQSh rezidentlari Saudiya Arabistoniga kirish punktlarida viza olishlari mumkin», deyiladi Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotda.

Bunday tartibga yuqorida sanalgan davlatlar, jumladan, O‘zbekiston va Tojikistondan Umra uchun borib, ruxsatsiz Haj uchun qolib ketayotgan fuqarolarning ko‘pligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Xususan, Saudiya Arabistoni joriy yilda noqonuniy ravishda, tegishli vizasiz Haj ziyoratini amalga oshirayotgan fuqarolarga ham, shirkatlarga ham juda katta jarimalar belgilagan.