"Baxshilar bahsi": IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining ikkinchi kuni yakunlandi

28.04.2025 00:00 O'zbekiston 4

Xiva shahrida oʻtkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining ikkinchi kuni ham oʻz nihoyasiga yetdi. Ochilish marosimidan soʻng start olgan tanlov bahslarida mahalliy hamda xalqaro ishtirokchilar qatnashdi. Tanlov bahslari Ichan qalʼa majmuasida joylashgan badiiy sahnada oʻtkazildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

3b333481e4aa550d0d7c93bd92584d3e0428

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Manbada qayd etilishicha, kun davomida namoyish qilib borilgan tadbirlardan koʻrish mumkinki, festival doirasida Ichan qalʼa maydonida tashkil qilingan turli tadbirlarda mamlakatimizning koʻplab hududlaridan tashrif buyurgan baxshilar guruhi oʻz aytimlari, termalari hamda kuy-navolari bilan kuzatuvchilarning kayfiyatiga kayfiyat qoʻshishdi.

Jumladan, Toshkent viloyatidan “Koʻzmunchoq”, Toshkent shahridan “Durdona”, Buxoro viloyatidan “Omonyor”, Namangan viloyatidan “Xazratibob”, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan “Suvsepser”, Surxandaryo viloyatidan “Janub sadolari” hamda Jizzax viloyatidan “Bogʻdon” folklor-etnografik xalq jamoalari kabi oʻnlab baxshilar festival doirasida tashkil qilingan turli tadbirlarda oʻz aytimlari bilan barchaga shodlik ulasha oldilar.

Kun botar chogʻda barcha mehmonlar asosiy tanlov bahslari boʻlib oʻtajak maydon tomon yoʻl olishdi. U yerda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan baxshilar jamoalari oʻz chiqishlari bilan mazkur festivalning tanlov bahslarida ishtirok etishdi. Festival sahnasiga birinchi boʻlib surxondaryolik baxshi Jovli Tangriyev chiqish qildi. Keyin esa Eron Respublikasidan tashrif buyurgan “Arang” musiqiy guruhi kuyladi. Tojikistonlik baxshi Abdurahmon Hasanov “Alpomish” dostonini kuylagan boʻlsa, Yaponiyadan tashrif buyurgan musiqiy guruh aʼzolari ham oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

Xiva shahrida oʻtkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali davom etmoqda. 200 ga yaqin ishtirokchilarni oʻzida jamlagan ushbu festival hozirda butun dunyoning eʼtibor markazida boʻlib turgani shubhasiz. Musobaqa gʻoliblari, festivalning soʻnggi kunida aniqlanib, taqdirlanadilar.