foto:iz.ru
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga baʼzi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘paymoqda.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilganligi bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari to'g'risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.