Toshkentda yo‘lbo‘yi pulli to‘xtash joylari sinov tarzida ishga tushirildi

05.05.2025 00:00 O'zbekiston 4

pulli parkovka

foto:daryo.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ilk yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar sinov tarzida ishga tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bu ma’lumotni tasdiqladi. Poytaxt ma’muriyatining ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda yo‘lbo‘yi to‘xtash joylari uchun 13−14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta pulli avtoturargoh ishga tushirilgan. 

Pulli avtoturargohlardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, maxsus belgi — to‘q sariq fonda qora rang bilan katta “P” harfi tasvirlangan. Uning narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi, to‘lamaganlik uchun jarima ko‘zda tutilgan.

Avtoturargoh uchun to‘lovlarni Poytaxt Parking ilovasi orqali onlayn yoki Paynet terminallari orqali naqd pulda amalga oshirish mumkin. Mobil ilovani ishlab chiqish bilan pulli “parkovka” tashkil etish huquqini qo‘lga kiritgan Streetpark Systems kompaniyasi shug‘ullangan.