Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti akademigi Bakridin Zaripov hamda fiziolog olim, biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Gulsara Ahmedova hammuallifligida tayyorlangan “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” darsligi Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtayotgan 34-xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, ishtirokchilar ushbu darslikni ingliz, arab va boshqa tillarga tarjima qilib nashr etish taklifini berishdi.
Mazkur qoʻllanma “Zamin-nashr” nashriyoti tomonidan chop qilingan boʻlib, 16 bob, 645 sahifadan iborat. U oʻz ichiga fiziologiya fanining klassik va zamonaviy yutuqlari haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni jamlagan. Fiziologiyaning asosiy boʻlimlari keng yoritilib, qiyosiy jihatdan fiziologik va funksional tizimlarning xususiyatlari koʻrsatilgan.