Pokistonda "O‘zbekiston imkoniyatlar beshigi: muvaffaqiyat hikoyasi" nomli yangi media-loyiha ishga tushirildi

05.05.2025 00:00 O'zbekiston 4

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan "O‘zbekiston imkoniyatlar beshigi: muvaffaqiyat hikoyasi" ("Uzbekistan is a cradle of opportunities: success story") nomli yangi media-loyihani ishga tushirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

1746411080575_png

Loyiha pokistonlik tadbirkorlarining mamlakatimizda biznes yuritish jarayonidagi muvaffaqiyatli tajribalari to'g'risidagi videolavhalarni o‘z ichiga oladi.

Mazkur loyihadan maqsad O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi munosabatlarni yanada faollashtirish, ikki mamlakat biznes doiralari o'rtasidagi o'zaro ishonch va manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy, jumladan Pokiston jamoatchiligining O'zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan imkoniyatlar to'g'risidagi xabardorligini oshirishdan iborat.

O'zbekistonda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va xalqaro biznes hamjamiyati uchun barqaror, shaffof va raqobatbardosh sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarga pokistonlik tadbirkorlar tomonidan xolis baho beriladi.

Shuningdek, pokistonlik tadbirkorlar o'zlarining videomurojaatlarida O'zbekistonda qulay investitsiya muhiti, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, qonuniy kafolatlar va davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, yurtimizda o'z biznesini qay yo'sinda yo'lga qo'ygani va kengaytirgani, qanday muvaffaqiyatlarga erishgani borasidagi tajribalari bilan o'rtoqlashadi.

Ushbu loyiha, shuningdek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifning joriy yil 25-26-fevral kunlari Toshkentda o'tkazgan oliy darajali muzokaralari yakunida ikki tomonlama savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish, qo'shma investitsiya loyihalarini qo'llab-quvvatlash va amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarni o'z vaqtida va samarali hayotga tatbiq etishga, hamkorlik mexanizmlarini yanada mustahkamlashga muhim hissa qo'shadi.

O'zbekistonning Panjob viloyatidagi faxriy konsuli, "Najeeb Fibres" kompaniyasi rahbari Najib Vohra loyihaning dastlabki mehmoni bo'ldi.

Najib Vohraning mamlakatimiz to'g'risidagi fikr-mulohazalari bilan elchixonaning "Facebook", "X" va "Instagram" ijtimoiy tarmoqlaridagi hamda "TikTok" platformasidagi sahifalari orqali tanishish mumkin.

Loyiha Pokiston biznes doira vakillari uchun O'zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yaqqol tasvirlab beruvchi, ishonch uyg'otuvchi amaliy platforma bo'lib xizmat qilishi kutilmoqda.