OTB 2030-yilgacha Osiyo-Tinch okeani mintaqasida oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashni 40 mlrd dollargacha oshiradi. OTB rahbari Masato Kanda iqlim va narxlarning oshishi tufayli oziq-ovqat tizimlarini o‘zgartirish muhimligini ta’kidladi. O‘zbekiston avvalroq bu soha uchun 150 mln dollar olgandi.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 2022−2030-yillarda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashni 40 milliard dollargacha oshirish rejalarini e’lon qildi. Bu haqda OTB prezidenti Masato Kanda 4-may kuni bankning Milanda bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda mahalliy OAV vakillari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avval va’da qilingan 14 mlrd dollarga qo‘shimcha ravishda 26 mlrd dollar ajratiladi, shundan 11 mlrd dollar allaqachon yo‘naltirilgan. Yangi summaga 18,5 mlrd dollar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va 7,5 mlrd dollar xususiy sektorga investitsiyalar kiradi.
Ilgari O‘zbekiston oziq-ovqat va suv xavfsizligini oshirishga ko‘maklashish uchun tashkilotdan 150 million dollar miqdorida qarz va 3 million dollar miqdorida grant olgan
“Misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, haddan tashqari issiqlik va tabiiy resurslarning tanazzulga uchrashi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga putur yetkazadi, shu bilan birga, qishloq joylarda oziq-ovqat xavfsizligi va tirikchilik vositalariga tahdid soladi”, — deya ta’kidladi Masato Kanda.
Mablag‘lar ishlab chiqarish va qayta ishlashdan tortib, taqsimlash va iste’molgacha bo‘lgan butun oziq-ovqat zanjirini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi. Qo‘llab-quvvatlash ham davlat, ham xususiy loyihalarni qamrab oladi. 2030-yilga borib dasturda xususiy sektor ulushi 27 foizga yetishi kutilmoqda.