Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni va uni jadallashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd qilinishicha, ikkitomonlama muzokaralar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, bugungi kunga qadar 24 tasi bilan muzokaralar yakunlandi. Milliy qonunchilikni tashkilot talablariga uyg‘unlashtirish doirasida keng ko‘lamli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 13 ta qonun, 10 ta farmon va qaror, 19 ta Vazirlar Mahkamasi qarori va 10 ta idoralararo normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Jumladan, bojxona tartibotlari, eksport-import qoidalari hamda intellektual mulk sohasidagi mexanizmlar bosqichma-bosqich JST standartlariga moslashtirildi, davlat ulushi mavjud bo‘lgan 6 ta korxonada eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.
Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Unga ko‘ra, joriy yilda qolgan 9 ta mamlakat bilan ikkitomonlama muzokaralarni yakunlash, Ishchi guruhining 2 ta yig‘ilishini o‘tkazish hamda Ishchi guruhning hisobot loyihasini yakunlash orqali O‘zbekistonning JST doirasidagi majburiyatlarini to‘liq shakllantirish vazifalari aniq belgilab berildi.