2025-yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekiston tomonidan 5 ming 869 tonna pomidor eksport qilindi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi. Qayd etilishicha, ushbu mahsulot eksportidan 6,8 million AQSH dollari miqdorida tushum kelib tushgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.
Eksport qilingan pomidorlarning asosiy qismi Rossiyaga yetkazib berilgan. Uch oy davomida ushbu mamlakatga jami 5 ming 471 tonna pomidor eksport qilindi. Bu koʻrsatkich umumiy eksport hajmining mutlaq koʻp qismini tashkil etadi va Rossiya Oʻzbekiston pomidorining eng yirik bozorlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, Qirgʻizistonga 190 tonna, Qozogʻistonga 135 tonna, Birlashgan Arab Amirliklariga esa 56 tonna pomidor eksport qilingan. Qolgan 17 tonna pomidor boshqa xorijiy davlatlarga yetkazib berilgan.
Mazkur koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning sabzavotchilik sohasidagi salohiyati yildan-yilga ortib borayotganini koʻrsatadi. Ayniqsa, eksport geografiyasining kengayishi va sifatli mahsulotlar bilan bozorga chiqish natijasida mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli daromad keltirilmoqda.